JOMBOY DON MAHSULOTLARI

Senatning navbatdagi yalpi majlisiga kiritilgan qonunlar koʻrib chiqildi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi ishchi guruhining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisiga kiritilgan 5 ta qonun koʻrib chiqildi.
 
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining maqsadi omonatchilar hamda bank xizmatlaridan boshqa foydalanuvchilarning huquq va manfaatlarini hisobga olgan holda moliya muassasalarining barqarorligi va ular oʻrtasidagi sogʻlom raqobatni taʼminlashdan iborat.
 
Shu maqsadda qonun bank faoliyatiga ruxsat berish shartlari, mamlakatda ushbu faoliyatni amalga oshirish, shuningdek, banklarni qayta tashkil etish va tugatish borasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining moliya muassasalarini prudensial nazorat qilishda qoʻyiladigan talablar, qoʻllaniladigan vosita va tartib-taomillar borasidagi vakolatlarini ham aniq belgilaydi.
 
Qonunning Senat tomonidan maʼqullanishi banklar va bank faoliyati qonunchilik asoslarining yanada takomillashuviga, moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, bank tizimi va iqtisodiyotning jadal rivojlanishiga xizmat qilishi majlis ishtirokchilari tomonidan aytib oʻtildi.
 
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi qonuni yana bir muhim hujjatdir. Qonun Oʻzbekiston Respublikasining bosh moliya muassasasi faoliyatini tartibga solishga qaratilgan.
 
Mamlakat pul-kredit siyosati, uning vosita va mexanizmlarini tubdan takomillashtirish va narxlar barqarorligini taʼminlashga qaratilgan taʼsirini kuchaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan tadbirlar asosida inflyatsiyaning oldini olish va bunda Markaziy bank faoliyatini tartibga solish mazkur qonunning asosiy maqsadini tashkil etadi. Uning qabul qilinishi Markaziy bank pul-kredit siyosatini amalga oshirishda zamonaviy mexanizmlar qoʻllanilishi, tijorat banklarining boshqaruv sifatiga taʼsir koʻrsatish mexanizmlarining takomillashtirilishiga xizmat qiladi.
 
“Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonun haqida ham soʻz yuritildi. Qayd etilganidek, qonun mamlakatimizda rezidentlar va norezidentlarning oʻz valyuta boyliklariga boʻlgan huquqlarini amalga oshirishda yuzaga keladigan munosabatlarni hamda valyutani tartibga solish va uning nazoratiga doir vazifalarning qonuniy yechimini taʼminlanishga qaratilgan. Natijada valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda yuridik va jismoniy shaxslarning oʻz mablagʻlarini erkin tasarruf etishlari boʻyicha barcha holatlarning qonunchilik meʼyorlari bilan qamrab olinishi taʼminlanmoqda.
 
Xorijiy valyutani erkin sotib olish va sotish imkoniyati va milliy valyuta ayirboshlash kursi bozor mexanizmlaridan foydalangan holda belgilanishi mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ichki va tashqi bozordagi raqobatbardoshligi va rentabelligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan bir qatorda, mamlakatda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni koʻpaytirish, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan yangi texnologiyalarni jalb qilish, eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
 
Yigʻilishda “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni ham koʻrib chiqildi. Ushbu yangi qonun toʻlovlarning uzluksiz amalga oshirilishi, innovatsion mahsulotlarning joriy qilinishi, tegishli tizimlarining yagona axborot muhitini shakllantirish, ularni nazorat qilish va kuzatib borish kabi sohalardagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
 
Qonunda amaldagi qonunchilikdagi boʻshliqlarni bartaraf etish nazarda tutilgan boʻlib, xalqaro tajribani hisobga olgan holda toʻlov tizimlariga va ularning tarkibiy qismlariga nisbatan talablar oʻrnatilmoqda. Shuningdek, ushbu tizimlarni nazorat qilish va kuzatib borish, toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlarini litsenziyalash, elektron pullar hamyoni sohiblarini identifikatsiyalash tartibini belgilash hamda xavfsizlik va axborot muhofazasini taʼminlash inobatga olingan.
 
Ushbu qonun bilan toʻlov va toʻlov tizimlari sohasida yagona axborot va huquqiy muhit yaratilishi, Markaziy bank tomonidan toʻlov xizmatlari bozorining samarali tartibga solinishi taʼminlanadi.
 
“Kreditorlarni huquqiy jihatdan himoya qilish kuchaytirilishi hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun ham ishchi guruh yigʻilishida qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi.
 
Taʼkidlanganidek, mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, investorlarning tadbirkorlik faoliyatini samarali tashkil etishiga sharoit yaratish va bunda kredit mablagʻlarini qaytarishni garovdagi mol-mulk hisobidan amalga oshirishning samarasiz tizimini bartaraf etish orqali mavjud amaliyotni takomillashtirish mazkur qonunning asosiy maqsadini tashkil etadi. Natijada kreditorlar huquqlarini himoya qilish yanada takomillashtirilib, mamlakatda ishbilarmonlik muhiti yaxshilanadi, mulkni garovga qoʻyishning amaldagi mexanizmlari xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi.
 
Nurillo NASRIYEV, OʻzA